Tilshunoslikning grammatik davri.
Tilshunoslikning
grammatik davri qadimgi yunon tilshunosligida Iskandariya davri deb yuritiladi.
Misr davlatining markazi bo`lgan Iskandariya makedoniyalik Iskandar nomi bilan
bog`liq edi. U bosib olgan Sharq mamlakatlarida yunon tili, madaniyati,
falsafasining ta`siri natijasida yunon
madaniyati, Sharq madaniyati bilan qo`shilib ketib, aralash madaniyat -
ellinizm yuzaga keladi.
Iskandariya ellinizm madaniyatining yirik
markazlaridan biri hisoblangan. Umuman, bizning eramizgacha bo`lgan III asrdan
boshlab, birorta ham shahar: na Afina, na Rim yuksak madaniyat namunasi va
ilmiy markaz bo`lgan Iskandariya shahri bilan tenglasholmas, raqobat qilolmas
edi.
Xullas, yunon tilshunosligi, ayniqsa,
ellinizm davrida-yunon - sharq davrida (bizning eramizgacha bo`lgan 334-31y)
taraqqiy qildi, rivojlandi.
Aleksandriya grammatika maktabining eng
yirik vakillari Zenodot, Aristarx, Dionisiy, Apolloniy Diskol va boshqalar.
Zenodot (taxminan bizning eramizgacha
bo`lgan 250 y).
U 800.000 dan ortiq
qo`lyozma manbalarga ega bo`lgan mashhur Iskandariya kutubxonasining birinchi
rahbari. Zenodot va boshqa yunon filologlari Gomer, esxil, Sofokl va
boshqalarning asarlari ustida faol tadqiqot ishlarini olib bordilar. Ular ushbu
asarlarning lug`at tarkibi va grammatikasiga oid sharhlar ustida mehnat
qildilar. Zenodot artiklni, olmoshlarni farqladi.
Aristarx (bizning eramizgacha bo`lgan
215-143 y).
Iskandariya maktabining eng mashhur va
etakchi olimi samofrakiyalik Aristarx uzoq yillar davomida Iskandariya
kutubxonasini boshqardi. U o`zining 40 ga yaqin shogirdlari bilan
ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi. Ular Gomer asarlarini mukammal o`rganib,
tekshirib chiqilgan to`liq matnini yaratishdi.
Aristarx so`z turkumi haqidagi ta`limotni
mukammal ishlab chiqdi va sakkizta so`z turkumini ajratdi. Bular: ot, fe`l,
sifatdosh, artikl` yoki ko`rsatkich, olmosh, old ko`makchi, ravish va
bog`lovchi.
Dionisiy (bizning eramizgacha bo`lgan 170-90 y).
Aristarxning shogirdi frakiyalik Dionisiy
o`zigacha bo`lgan tadqiqotchilarning ishlari va tajribalarini o`rganib, ulardan
foydalanib, rimliklar uchun «Grammatika san`ati» nomli sistemalashtirilgan
dastlabki yunon grammatikasini yaratdi.
Dionisiy ta`limotiga ko`ra so`z so`zlashuv
nutqining (bog`langan nutqning) eng kichik bo`lagi (qismi)dir. Gap (yoki nutq)
esa so`zlarning o`zaro munosabatidan, bog`lanishidan hosil bo`lib, tugal fikr
ifodalaydi.
Dionisiy grammatikasida ot turkumi haqida
quyidagi fikr beriladi: ot kelishik va songa ko`ra o`zgaruvchi turkumdir. U
sifatlarni ham otga kiritadi.
Dionisiy fe`l haqida fikr yuritib,
fe`lning kelishiksiz so`z turkumi bo`lib, zamon, shaxs, son, mayl, nisbat,
tuslanish va boshqalarga ega ekanligini aytadi. Fe`lning beshta: aniqlik,
buyruq, istak, tobelik va noaniqlik mayllarini; fe`lning uchta: harakat, o`zlik
va o`rta nisbatlarini; fe`lning uchta: birlik, juftlik va ko`plik sonlarini;
fe`lning uchta: birinchi-nutqni so`zlagan, ikkinchi-nutq yo`naltirilgan va
uchinchi-so`z yuritilgan (o`zga) shaxslarni qayd etadi. Grammatik zamon esa
hozirgi, o`tgan va kelasi zamon kabi turlarga bo`linadi. Sifatdoshlar esa fe`l
va otlarga xos bo`lgan belgilarni birlashtiradigan kategoriya sifatida talqin
qilinadi.
Artikl, Dionisiy fikricha, turlanuvchi
so`z turkumi bo`lib, u turlangan otdan oldin ham, keyin ham kela oladi. Olmosh
ot o`rnida qo`llaniladigan so`z bo`lib, ma`lum shaxslarni ko`rsatadi. Ravish
turlanmaydigan so`z turkumidir, fe`l
haqida ma`lumot beradi va fe`lga birikadi. Bog`lovchi fikrni ma`lum tartibda
bog`laydigan va fikrni ifodalashdagi oraliqlarni ko`rsata-digan so`zdir. Old
ko`makchi so`z turkumi bo`lib, barcha so`z turkumlari oldidan so`z tarkibida
ham, gap tarkibida ham keladi. Ya`ni u sintaksisda ham, so`z yasalishida ham
qo`llaniladi.
Комментарии
Отправить комментарий