1. Tilshunoslikning falsafiy davri
Yunonistonda
tilshunoslikning falsafiy davri ikki asr davom etadi. Bunda tilga falsafaning
bir qismi sifatida qarash, til hodisalarining mohiyatini falsafiy jihatdan
ochish va tushuntirish, taxminlar, xulosalar chiqarish, g`oyalar yaratish ayni
davrning eng muhim xususiyati hisoblanadi.
Tilshunoslikning falsafiy davrida qadimgi
Yunonistonda mavjud bo`lgan deyarli barcha falsafiy maktablar, oqimlar,
yo`nalishlar til masalalari bilan faol shug`ullanganlar. Fikr yuritilayotgan
davrning o`ta dolzarb va eng muhim muam-molaridan biri so`z muammosi, so`zning
tabiiy hodisami? yoki shartli hodisami? ekanligi haqidagi bahs, munozara
bo`lib, bu masala atrofida fikrlar qarama-qarshiligi, faylasuflarning ayni
masalani hal qilishda tarafma - taraf bo`lib, «jangga» kirishishi, tadqiqot
ishlarini olib borishi qizib ketdi. Aniqrog`i, bu davrning asosiy, bosh
masalalaridan biri so`z bilan ma`no orasidagi, predmet bilan uning nomi
orasidagi munosabat masalasi edi.
Boshqacha aytganda, predmet bilan uning
nomi o`rtasida qanday munosabat mavjud? So`zdagi tovush bilan ma`noning
bog`lanishi qanday yuz beradi? Bu bog`lanish tabiat tomonidan beriladimi yoki
so`zlashuvchilar tomonidan kelishilgan holda yuz beradimi? yoki ma`lum qonun -
ko`rsatma bilan tayinlanadimi?, «muayyan urf - odat bilan bog`lanadimi? yoki
odamlar tomonidan belgilanadimi. Ya`ni bu jarayon ongli, ixtiyoriy ravishda
amalga oshiriladimi? va boshqalar.
Tilshunoslikning falsafiy davrida so`z
bilan predmet orasidagi munosabat masalasini hal qilishda Geraklit va uning
tarfdorlari quyidagi g`oyani ilgari suradilar. Ular har bir nom o`zi
anglatayotgan narsa, predmet bilan ajralmas aloqada, bog`lanishda bo`lib,
nomlarda predmetlarning mohiyati namoyon bo`ladi, «ochiladi». Aniqrog`i, suvda
daraxtlar, ko`zguda o`zimiz aks etganidek har bir nom o`zi ifodalayotgan
predmetning tabiatini, mohiyatini aks ettiradi, degan fikrni ilgari suradilar. Yana ham anig`i predmet bilan ularni anglatuvchi so`zlar
orasidagi bog`lanish tabiat tomonidan berilgan bo`lib, bu bog`lanish tabiiy,
zaruriy bog`lanish hisoblanadi.
Xulosa shuki, olamda mavjud bo`lgan barcha
narsa -predmetlarning tabiat tomonidan berilgan, o`ziga mos va xos nomlari,
«to`g`ri» nomlari bor. So`zlar tabiat
tomonidan yara-tilgan. Tabiat har bir predmet uchun alohida nom belgilagan, nom
bergan.
Demokrit va uning tarafdorlari esa so`z va
predmet munosabati masalasida Geraklit va uning tarafdorlariga qarshi quyidagi
g`oyani ilgari suradilar. Ular aytadi: narsa, predmetlarning nomlari, so`zlar
ularning tabiatiga qarab, mohiyatiga muvofiq holda qo`yilmaydi, balki nomlash
jarayoni odatga ko`ra, odamlarning o`zaro kelishuviga, ular tomonidan
belgilanishiga ko`ra amalga oshadi. Demak, predmetlarga nomlar tabiat tomonidan emas, balki jamiyat
tomonidan beriladi.
Demokrit va uning
tarafdorlari o`z g`oyalarining to`g`ri-ligini isbotlash uchun yana quyidagi
fikrlarni ham bayon qiladilar: 1) ko`p so`zlar bir necha ma`noga ega bo`lib,
shunga muvofiq ular turlicha predmetlarni ifoda etadi; 2) ko`pgina tushunchalar
bir qancha nomga, atamaga ega bo`ladi; 3) tilning tabiiyligi g`oyasidan kelib
chiqadigan bo`lsak, u holda ko`pgina predmetlarning bir nechta nomga ega
bo`lishi mumkin emas; 4) vaqt o`tishi
bilan bir so`z o`rniga boshqasi yuzaga keladi. Ya`ni muayyan predmet nomi
o`zgarib, boshqa nomga, atamaga ega bo`ladi; 5) ko`pgina tushunchalar so`z
ifodasiga, nomga ega emas. Demak, - deydi Demokrit va uning tarafdorlari, bir
vaziyatda so`zlar etishmasa, boshqa vaziyatda ular ortiqcha, ko`p. Yana boshqa bir holatda so`zlar qat`iy emas, yana boshqa
bir vaziyatda esa so`zlar kamlik qiladi. Demokrit fikricha, bunday holat,
asosan, odamlar faoliyati bilan bog`liq bo`lib, ular tomonidan yuzaga keladi,
tabiat tomonidan emas.
Shunday qilib, Demokrit va uning
tarafdorlari narsa, predmet nomlari tabiat tomonidan, tabiiy berilgan emas,
degan g`oyani ilgari suradilar va ayni fikrning to`g`riligini tilda mavjud
bo`lgan omonim va sinonim so`zlar bilan isbotlaydilar. Haqiqatan, bir-biridan
farq qiladigan turli narsalarning nomlari (so`zlar) qanday qilib bir xil
(omonim: ot, yosh, qirq, ko`k, son, ko`r, til, ter, qo`y, quv) yoki bir
narsaning qanday qilib birdan ortiq nomi (sinonim: bosh, kalla; janjal,
g`avg`o, to`palon, g`alva, mashmasha; bo`kmoq, ivimoq; kulmoq, iljaymoq,
jilmaymoq, tirjaymoq, ishshaymoq) bo`lishini Geraklit tarafdorlarining ta`limoti-moslik,
«to`g`rilik» ta`limoti asosida izohlab bo`lmaydi. Chunki sinonimlar tovush
tomonidan farqli bo`ladi; agar so`zning tovush tomoni predmetning mohiyati,
xususiyati bilan bevosita bog`langan bo`lsa, demak, sinonimlar turli xil
xususiyatni ifodalovchi so`zlar sifatida bitta predmetni anglatishlari mumkin
emas. Qolaversa, tabiatdagi hamma predmetlar ham o`z nomlariga ega emas.
Tilshunoslikning falsafiy davrida eng
dolzarb muammo bo`lgan predmet va uning nomi orasidagi munosabat masalasi
Platonning «Kratil» nomli asarida ham mukammal bayon qilinadi.
Tilshunoslikning falsafiy davrida til
masalalari bilan jiddiy va barakali shug`ullangan oqimlardan biri stoicizm hisoblanadi. Stoicizm ta`limotining
vakillari bo`lgan stoiklar: Xrisipp, Krates va boshqalar o`z ta`limotlarida
jahondagi nomuvofiqlikka hamma narsalarning maqsadga muvofiq bo`lishini qarama
- qarshi qo`yadilar. Shunga ko`ra ular tilni kishilarning ruhida tabiat talabiga ko`ra paydo bo`lgan
deyish bilan birga so`z predmetning tabiiy xususiyatini ifoda qiladi, deb
aytganlar. Stoiklar so`zlovchi gapirganida so`z orqali u predmetning tabiati haqida qanday taassurotda bo`lsa,
eshituvchida ham xuddi shu xususiyatlar haqidagi taassurot tug`iladi, deb o`ylaganlar.
Stoiklar predmet va uning nomi orasidagi
munosabat masalasida Geraklit va uning tarafdorlari ta`limotini quvvatladilar.
Ya`ni ular ham predmet va uning nomi (so`z) o`rtasida moslik, muvofiqlik mavjud
deb hisoblar edilar.
Ayni vaqtda stoiklarning muxolifi bo`lgan
epikur va uning ta`limoti tarafdorlari esa Demokritning fikrini quvvatlab,
so`zlar va predmetlar orasidagi aloqa, bog`lanish tabiiy bo`lishi mumkin emas.
Chunki narsalarning mohiyati bilan ularning nomi orasida qarama-qarshiliklar
juda ko`p, degan fikrni ilgari surganlar.
Epikurchilar predmet bilan uning nomi
orasidagi aloqa tasodifiy, bu aloqani dastlab tilni o`zaro kelishuvchilik
asosida ijod qilgan kishilar yaratgan. Ana shunday tasodifiylik bo`lmaganida
edi, barcha xalqlar bir-birlarining tillariga tushungan bo`lar edi, deyishadi.
Tilshunoslikning falsafiy
davrida o`zaro qizg`in kurash olib
borgan etakchi oqimlardan, yo`nalishlardan yana biri analogistlar va
anomalistlar - qarama - qarshi g`oyadagi faylasuflar guruhi edi.
Ular til hodisalarida analogiya mavjudmi?
yoki ano-maliyami?, qonuniyat mavjudmi yoki qonuniyat yo`qmi?, degan fikr bilan
qurollanib, til bilan ob`ektiv borliq, so`z bilan predmet orasidagi munosabat
masalasini hal qilishga kirishadilar.
Mashhur yunon grammatikachisi Aristarx boshchiligidagi
analogistlar oqimi tilning grammatik qurilishi va lug`at tarkibi bilan borliq
orasida moslik, muvofiqlik - o`xshashlik mavjud, degan g`oyani ilgari
surishadi. Ular yunon va lotin tillarida otning uch xil grammatik jinsi (rod):
erkaklar jinsi, ayollar jinsi va har ikki jinsga ham tegishli bo`lmagan oraliq
jins mavjudligini aytishadi. Shunga ko`ra ular predmetlar erkaklar jinsiga,
ayollar jinsiga yoki oraliq jinsga tegishli bo`ladi, deyishadi.
Anomalistlar oqimining etakchisi stoik
Krates va uning tarafdorlari esa ushbu g`oyaga zid fikrni, zid g`oyani ilgari
surishadi. Ya`ni ular aytadi: tilning tarkibi va grammatik qurilishi bilan
borliq orasida to`la moslik, o`xshashlik yo`q; biz doim turli tengsizlikka,
moslik me`yoridan chetga chiqish-larga duch kelamiz. Masalan, tildagi uch
grammatik jins atrofimizdagi narsalarga real ravishda to`g`ri keladi, deb
hisoblash be`manilikdir. Haqiqatan ham, masalan, rus tilidagi cherepaxa
(toshbaqa), belka (olmaxon) so`zlari shakliga qaraganda grammatik jihatdan
ayollar jinsiga mansub bo`lishi kerak edi. Amalda esa o`sha hayvonlarning
erkagi ham, urg`ochisi ham bir xilda cherepaxa, belka deyiladi. Shuningdek, rus
tilidagi dyatel (qizilishton) so`zi o`z shakliga ko`ra faqat erkaklar jinsiga
nisbatan qo`llanaveradi. Demak, bu erda til anomaliyasi mavjud bo`lib, shakl
bilan mazmun orasida moslik yo`qdir.
Tilshunoslikning falsafiy davrida qadimgi
yunon fay-lasuflari Anaksimen, Prodik, Protagor, Platon, Aristotellar til
masalalariga oid asarlar yaratganlar va hozirgi kunda ham o`z ahamiyatini
yo`qotmagan asosli fikrlarni bayon qilganlar.
Anaksimen (bizning eramizgacha bo`lgan
560-502y).
U «Riktorika» asari bilan stilistika
fanining asosini yaratdi.
Prodik (bizning eramizgacha bo`lgan
V asr).
Prodik sinonimika masalalarini ishlab
chiqdi. U ma`no jihatdan har bir
ma`nodosh so`zning o`ziga xos xususiyatlari-ni, ma`no ottenkalarini,
qirralarini farqlashga o`rgatdi.
Protagor (bizning eramizgacha bo`lgan
480-410 y).
Protagor otlarning rodlarini (jinsini),
fe`l zamon-larini va gaplarning
turlarini farqladi.
Shuningdek, ayni davr faylasuflari ot va
fe`llarni farqlab, gapning ot bilan fe`lning bog`lanishidan hosil bo`lishini
ta`kidladilar.
Platon (bizning eramizgacha bo`lgan
427-347 y).
O`z davrining dastlabki yirik faylasufi
Platon etimologika fanining asoschisi
sifatida e`tirof qilinadi. U mantiqli nutqda ikki turdagi so`zlarni: otlarni va
fe`llarni farqladi. Gapda ega vazifasida kelgan so`zni ot deb, kesim vazifasida
kelgan so`zni fe`l deb, atadi. Fe`lning ot haqida nima tasdiqlanishini
anglatadigan so`z ekanligini qayd etdi.
Aristotel (bizning eramizgacha bo`lgan
348-322 y).
O`z davrining ikkinchi buyuk qomusiy olimi
- faylasufi Aristotel tilga oid masalalarni mantiq bilan bog`liq holda o`rgandi va u birinchi bo`lib,
grammatikani mantiqdan ajratdi.
Aristotel` ham, Platon kabi, ot - egani va
fe’l - kesimni tan oldi. Bu guruhga qo`shimcha ko`makchi so`zlarni-bog`lov-chilarni
ham kiritdi. Ya’ni so`zlarni uch turkumga: ot, fe’l, bog`lovchi hamda yuklama
kabilarga bo`ldi. Ot va fe`llarni mustaqil ma`noga ega so`zlar sifatida,
bog`lovchi, yuklamani esa faqat grammatik vazifa bajaruvchi so`z sifatida qayd
etdi.
Aristotel o`z davridayoq gapni fikr
ifodalovchi nutq birligi deb, ta`rifladi. Shuningdek, u kelishiklar, tovushlar
haqida ham ma`lumot berdi. Masalan, u fonetikada unli va undosh tovushlarni
ajratdi.
Yuqorida aytilganlardan bir muncha farqli
holda tilshunoslikning falsafiy davrida stoiklar nutqda so`zlarni besh guruhga:
fe`l, bog`lovchi, artikl`, atoqli otlar va turdosh otlarga ajratdilar.
Shuningdek, ular ushbu so`zlarning
barchasi ham ma`nolidir, deyishdi. Stoiklar otlarda beshta kelishikni farqladilar:
bosh kelishik, qaratqich kelishigi, jo`nalish kelishigi, tushum kelishigi va
chaqirish (zvatel`niuy; chiqish) kelishigi.
Stoiklar o`sha davrdayoq nutqni ikkiga: tashqi nutqqa va ichki nutqqa
bo`lib, o`rgandilar. Ular yunon tilida 24 ta tovush borligini aytib, bularni
unli va undosh tovushlarga ajratdilar.
Xullas, tilshunoslikning falsafiy davridan
hozirgi tilshunoslik uchun muhim bo`lgan ikki ta`limot qoldi:
1.
Tilning elementlari, birliklari (so`z va gap) –
ishora, belgi.
2.
Til birliklari ma`no, fikr bilan shartli
bog`langan.
Комментарии
Отправить комментарий